USD 10674.08
EUR 12576.20
RUB 146.91

COVID-19

Коронавирус COVID-19 Ўзбекистонда

Инфекцияланганлар

Соғайганлар

Вафот этганлар

Article

O‘zbekistonda soliq tekshiruvlarini o‘tkazish tartibida o‘zgarishlar yuz beradi

 

Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan soliq tekshiruviga oid nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirilgan, deya xabar beradi Norma.

Qaror loyihasi “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq tayyorlangan.

Loyihada Soliq kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan quyidagi soliq tekshiruvlari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash taklif etilmoqda:

Soliqlarni to‘lamaslik xavfini baholash va soliq to‘lovchilarni insoflilik mezonlari asosida segmentlash tizimi to‘g‘risida nizom (1);

Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom (2);

Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom (3);

Soliq auditini o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom (4).

Nizomda (1) soliqlarni to‘lamaslik xavfini boshqarish tizimining asosiy vazifalari va elementlari, shuningdek soliq tekshiruvlarini rejalashtirish tizimining prinsiplari belgilangan.

Soliqlarni to‘lamaslik xavfini tahlil qilish va natijalarini baholash tizimi Davlat soliq qo‘mitasining (DSQ) “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” avtomatlashtirilgan dasturiy mahsuloti orqali amalga oshiriladi.

Soliq to‘lovchilar muayyan davrdagi tovar aylanmasi miqdori bo‘yicha kichik, o‘rta va yirik guruhlarga ajratiladi. Soliqlarni to‘lamaslik xavfi darajasini aniqlash mezonlari sanab o‘tilgan. Soliqlarni to‘lamaslik xavfi darajasi 1 dan 1 000 gacha shkala asosida hisoblanadi va formula bo‘yicha aniqlanadi.

To‘plangan baliga ko‘ra soliq to‘lovchilar uch guruhga segmentlanadi: qizil yo‘lak (soliqlarni to‘lamaslik xavfi darajasi yuqori bo‘lgan), sariq yo‘lak (soliqlarni to‘lamaslik xavfi darajasi o‘rta bo‘lgan) va yashil yo‘lak (soliqlarni to‘lamaslik xavfi darajasi past bo‘lgan).

Muayyan soliq davri uchun har bir guruh bo‘yicha chegaraviy ball DSQ tomonidan belgilanadi. Soliqlarni to‘lamaslik xavfi darajasi yuqori bo‘lgan soliq to‘lovchilar orasidan soliq auditi o‘tkazish uchun, xavf darajasi o‘rta bo‘lgan soliq to‘lovchilardan kameral yoki sayyor soliq tekshiruvlarini o‘tkazish uchun nomzodlar tanlab olinadi, soliqlarni to‘lamaslik xavfi darajasi past bo‘lgan soliq to‘lovchilarga soddalashtirilgan tartib (yashil yo‘lak) belgilanadi va ularga soliq tekshiruvlari tayinlanmaydi.

Nizomda (2) kameral soliq tekshiruvini (KST) o‘tkazish tartibi belgilangan. Mazkur tekshiruv soliq organi joylashgan joy bo‘yicha amalga oshiriladi va soliq to‘lovchilar tomonidan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish maqsadida o‘tkaziladi.

Nizomda KST o‘tkaziladigan holatlar sanab o‘tilgan. Tekshiruv soliq organi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida o‘tkaziladi, unda soliq to‘lovchining nomi va identifikatsiya raqami, tekshiruvchi shaxslarning F.I.O. va lavozimi, tekshiruvni o‘tkazish muddatlari, tekshirilayotgan davr, tekshirilayotgan soliqlarning turlari ko‘rsatiladi. KST muddati 3 oydan oshmasligi kerak. Nizomda KST muddati bir oyga uzaytirilishi mumkin bo‘lgan holatlar va asoslar sanab o‘tilgan.

Soliq to‘lovchi KST chog‘ida soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga elektron shaklda so‘rovnoma yuborish orqali so‘rab olishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar va hujjatlar sanab o‘tilgan. So‘rovnoma shaxsiy kabinetga jo‘natilgan sanadan e’tiboran 3 kundan keyin olingan deb hisoblanadi.

So‘rovnomada nazarda tutilgan hujjatlar va tushuntirishlar soliq to‘lovchi tomonidan soliq organiga so‘rovnoma olingan kundan e’tiboran 5 kun ichida taqdim etilishi kerak. Zarurat tug‘ilganda soliq organi soliq to‘lovchining faoliyatiga taalluqli hujjatlarni (axborotni) uchinchi shaxslardan talab qilib olishga haqli. So‘rov berish muddatlari va soliq to‘lovchi tomonidan soliq organiga taqdim etiladigan muddatlar hamda ularni buzganlik uchun sanksiyalar qayd etilgan.

KST natijalari bo‘yicha tekshiruvni o‘tkazuvchi mansabdor shaxs belgilangan shaklda xulosa tuzadi. Nizomda xulosada aks ettirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar va ularni rasmiylashtirish tartibi ko‘rsatilgan. Soliq hisobotidagi tafovutlarni yoki xatolarni aniqlangan holatlar yuzasidan soliq organi tomonidan ikki kunlik muddatda soliq to‘lovchiga ularni bartaraf etish to‘g‘risida talabnoma yuboriladi.

Nizomda soliq to‘lovchida KSTda aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha ish yuritish tartibi qayd etilgan.

Nizomda (3) sayyor soliq tekshiruvini (keyingi o‘rinlarda — SST) o‘tkazish tartibi belgilangan. Hujjatda soliq organlari SST doirasida amalga oshirishga haqli bo‘lgan harakat bayon etilgan. Tekshiruv chog‘ida hisobga olish hujjatlarining, TMB va pul mablag‘lari harakatining, shuningdek soliq to‘lovchining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa axborotning tahlili o‘tkaziladi. SST o‘tkazishda soliq to‘lovchilardan sayyor soliq tekshiruvi predmetiga aloqador bo‘lmagan hujjatlarni (axborotni) talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

SST 10 ish kunigacha bo‘lgan muddatda o‘tkaziladi. SST natijalariga ko‘ra soliq organlari tomonidan soliqlar va yig‘imlarni hisoblash amalga oshirilmaydi.

Nizomda SST o‘tkazish uchun asoslar sanab o‘tilgan. Tekshiruv soliq organi rahbarining (o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida o‘tkaziladi. Buyruqda soliq to‘lovchining nomi, tekshiruvchi shaxslarning F.I.O. hamda lavozimi, tekshiruvlarni o‘tkazish muddatlari va maqsadi ko‘rsatiladi.

SST o‘tkaziladigan sayyor soliq tekshiruvlari Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi orqali Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil xabardor qilingan holda o‘tkaziladi (bundan davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, noqonuniy ravishda tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan jismoniy shaxslar mustasno).

Tekshiruvlarning natijalari tekshiruv tamomlangandan keyin 3 kun ichida Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga kiritiladi.

Nizomda SST o‘tkazish chog‘ida soliq organining mansabdor shaxsi va soliq to‘lovchining huquqlari va majburiyatlari qayd etilgan.

Shuningdek Nizomda quyidagi tartiblar ko‘rsatilgan:

xronometraj kuzatuvlarni o‘tkazish;

NKM va hisob-kitob terminallari qo‘llanilishini tekshirish;

soliq to‘lovchi xodimlarining soliq hisobotdagi ko‘rsatilgan va haqiqiy soni muvofiqligi yuzasidan monitoringni amalga oshirish;

bozorlar, savdo komplekslari, ularga tutash bo‘lgan avtomobil vositalarining to‘xtash joylari faoliyatini soliq qonunchiligiga rioya etilishini tekshirish;

savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishini tekshirish;

asosiy vositalar, TMB, pul mablag‘lari va hisob-kitoblarni xatlovdan o‘tkazish;

hujjatlarni va buyumlarni olib qo‘yish.

KST natijalariga ko‘ra tekshiruvchi mansabdor shaxs tomonidan belgilangan shakl bo‘yicha 2 nusxada dalolatnoma tuziladi.

Nizomda (4) soliq auditini (SA) o‘tkazish tartibi belgilangan. Soliq kodeksiga muvofiq soliq auditi soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchining muayyan davr uchun soliqlar va yig‘imlarning hisoblanishi hamda to‘lanishining to‘g‘riligini tekshirish maqsadida, uning buxgalteriya, moliya, statistika, bank hamda boshqa hujjatlarini o‘rganish va taqqoslash yo‘li bilan o‘tkaziladi.

Jinoyat ishi doirasida soliq to‘lovchining moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish etish Jinoyat-protsessual kodeksi va Soliq kodeksi talablari asosida o‘tkaziladi.

Nizomga muvofiq soliq auditi quyidagi soliq to‘lovchilarda o‘tkaziladi:

soliq organida xavfni tahlil etish avtomatlashtirilgan axborot tizimi (“Tahlika-tahlil” dasturiy mahsuloti) orqali aniqlangan, yuqori darajadagi tavakkalchilik (soliq xavfi) toifasiga mansub bo‘lgan soliq to‘lovchilarda hamda tasodifiy tanlab olish usuli asosida yirik soliq to‘lovchilarda;

kameral soliq tekshiruvi natijasi bo‘yicha soliq organining talabnomasiga javoban aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etmagan (shu jumladan, aniqlashtirilgan talabnomadan keyin), aniqlangan tafovutlar bo‘yicha asos keltirmagan yoki taqdim qilingan asosnomalar yetarli emas deb topilgan yuqori darajadagi tavakkalchilik (soliq xavfi) toifasiga mansub bo‘lgan;

ixtiyoriy tugatilayotgan yuridik shaxslar va faoliyatini o‘z tashabbusi bilan to‘xtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlarda;

avval o‘tkazilgan soliq auditi chog‘ida soliq organiga ma’lum bo‘lmagan yangi holatlar aniqlangan soliq to‘lovchilarda.

Soliq auditi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari tomonidan o‘z hududida soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan soliq to‘lovchilarda;

yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan yirik soliq to‘lovchilarda;

DSQ tomonidan yuqori darajadagi tavakkalchilik (soliq xavfi) toifasiga mansub bo‘lgan soliq to‘lovchilarda.

Nizomda soliq auditi quyidagi tartibda o‘tkazilishi nazarda tutilgan:

soliq auditi soliq organining buyrug‘iga asosan o‘tkaziladi, unda quyidagilar ko‘rsatilishi lozim: soliq auditi o‘tkazish uchun asoslar, soliq to‘lovchining nomi va identifikatsiya raqami, soliq auditini o‘tkazuvchi shaxslarning F.I.O. va lavozimi, soliq auditining maqsadi, soliq auditini o‘tkazish muddati. Bir vaqtning o‘zida soliq auditi dasturi tasdiqlanadi;

soliq organi soliq auditi o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarnoma yuborilgandan so‘ng 30 kun o‘tgach tekshiruv o‘tkazilishi mumkin;

soliq auditini o‘tkazish muddati soliq to‘lovchiga (soliq agentiga) soliq auditini tayinlash to‘g‘risidagi buyruq topshirilgan kunda boshlanadi;

soliq auditi tekshiruv dalolatnomasi imzolangan kunda yakunlanadi;

soliq auditini o‘tkazish muddati 30 ish kunidan ortiq davom etishi mumkin emas. Soliq auditini o‘tkazish muddati SKning 142-moddasiga muvofiq uzaytirilishi mumkin;

soliq auditi da’vo qilish muddati o‘tmagan oxirgi soliq auditidan keyingi davrni qamrab olishi mumkin;

soliq organlari soliq to‘lovchining aynan bitta davr uchun aynan bir xil soliqlar bo‘yicha bir martadan ortiq soliq auditini o‘tkazishga haqli emas, bundan soliq auditini o‘tkazish chog‘ida soliq organiga ma’lum bo‘lmagan yangi holatlar aniqlangan hollar mustasno;

soliq auditi Tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobi to‘ldirilganidan so‘ng o‘tkaziladi.

Soliq auditi natijalari tekshiruv tamomlangandan keyin 3 kun ichida Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga kiritiladi. Nizomda quyidagi tartiblar qayd etilgan:

soliq auditini o‘tkazish doirasida hujjatlar almashinuvi;

tekshiruvni tayinlash, tashkil etish va o‘tkazish;

ixtiyoriy tugatilayotgan yuridik shaxslar va faoliyatini o‘z tashabbusi bilan to‘xtatgan yakka tartibdagi tadbirkorlarda soliq auditini o‘tkazish xususiyatlari;

hudud va binolarni ko‘zdan kechirish;

tekshirilayotgan soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish;

uchinchi shaxslardan hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish;

hujjatlar va buyumlarni hamda elektron axborot tashuvchilarni olib qo‘yish.

Shuningdek hujjatda soliq auditini o‘tkazish ishtirokchilari sanab o‘tilgan va soliq auditi natijalarini rasmiylashtirish tartibi ko‘rsatilgan.

VMQ loyihasi qabul qilingan taqdirda DSQning soliq tekshiruvlarini tartibga soluvchi normativ hujjatlari bekor qilinishi mumkin.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Доимо хабардор бўлинг

Барча янгиликлар сизнинг смартфонингизда Мобил иловамизни юклаб олинг