Апрел ойида сизни супер ўйинлар кутмоқда!
O‘zbekiston Superligasida mart oyi qiziqarli o‘yinlarga boy o‘tdi. Aprel oyida ham muxlislarni bir qator qiziqarli o‘yinlar kutmoqda.
Andijon — Navbahor
O‘zbekiston Superligasining 6-turi doirasida muxlislar vodiy derbisiga guvoh bo‘lishadi. 7-aprel kuni tur doirasida Andijon klubi Bobur arenada Namanganning Navbahor klubini qabul qiladi.
Yil boshida o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ygan Andijon va Navbahor klublari mavsumni bir maromda o‘tkaza olmayapti. Dastlabki 4 ta turda ham ikki jamoa 2 tadan g‘alabaga erishdi va yana 2 tadan o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Hozirda jamoalar turnir jadvalida yonma-yon bormoqda. Shunday ekan, bu galgi vodiy derbisi nafaqat prinspial jihatdan, balki, turnir jadvalidagi o‘rin borasida ham muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.
Neftchi — Paxtakor
Mavsumni juda yuqori kayfiyatda boshlagan Farg‘onaning Neftchi jamoasi 15-mart kuni O‘zbekiston Superkubogi uchun bahsda Paxtakorni mag‘lub etib musobaqa bosh sovriniga ega chiqdi. 9-aprel kuni ushbu jamoalar Farg‘onadagi Istiqlol stadionida endi O‘zbekiston Superligasi doirasida o‘zaro o‘yin o‘tkazishadi.
Paxtakor jamoasi Superkubokda mag‘lub bo‘lish orqali o‘z muxlislarini ancha xafa qilib qo‘ydi. Shunday ekan, bu o‘yin nafaqat Superligadagi kurash, balki, muxlislarga yupanch bo‘lish jihatdan ham yuqori ahamiyatga ega. Lekin mavsumni juda barqaror o‘tkazayotgan Neftchi jamoasi ham bu bellashuvda faqat g‘alaba uchun o‘ynashi aniq. Shundan ekan, bizni 9-aprel oqshomida juda qiziqarli o‘yin kutmoqda.
Paxtakor — Dinamo
Samarqandning Dinamo jamoasi uchun mavsum omadli boshlanmadi. O‘tgan yili Superligada to‘rtinchi o‘rinni egallagan Vadim Abramov jamoasi ayni vaqt Superliga jadvalida 4 ochko jamg‘argan holda 13-o‘rinni egallab turibdi. Ushbu jamoa 18-aprel kuni Superliganing 8-turi doirasida Paxtakor klubi mehmoni bo‘ladi.
Ahamiyatlisi, o‘tgan mavsum ushbu jamoalar o‘rtasida Toshkentda kechgan bahsda Dinamo klubi Anvarjon Hojimirzayev tomonidan kiritilgan yagona gol evaziga g‘alaba qozongan edi. Xo‘sh, Dinamo bu gal ham Toshkentdan g‘alaba bilan qayta oladimi yoki Paxtakor o‘z maydonida qo‘lga kiritilgan navbatdagi g‘alabasini tantana qiladimi? Bu savolga 18-aprelda bo‘lib o‘tadigan o‘yinni tomosha qilish orqali javob topamiz.
Neftchi — Nasaf
Mavsumni barqaror boshlay olmagan Nasaf jamoasi medallar uchun kurashdan osonlikcha chiqib ketmasligi aniq. Ro‘ziqul Berdiyev boshchiligidagi jamoani 18-aprel kuni musobaqaning amaldagi chempioniga qarshi muhim o‘yin kutib turibdi.
Ushbu jamoalar o‘rtasida o‘tgan mavsum Farg‘onada bo‘lib o‘tgan bahsda Neftchi qiyin g‘alabaga erishgan va yakunda ushbu g‘alaba jamoaning chempionligida muhim ahamiyat kasb etgandi. Xo‘sh, bu galgi to‘qnashuvda qanday natija qayd etiladi. Buni 18-aprel kuni Istiqlol stadionida bo‘lib o‘tadigan bahsdan so‘ng bilib olamiz.
Paxtakor — Nasaf
O‘zbekiston Superligasining 10-turi doirasida Paxtakor jamoasi o‘z maydonida Nasaf klubini qabul qiladi. Ushbu klublar o‘rtasidagi o‘yinlar hamisha muxlislarning katta qiziqishiga sabab bo‘lgan. Bu galgi bahs ham bundan holi emas.
Ayni paytda turnir jadvalida uchinchi o‘rinni egallab turgan Paxtakor klubi o‘tgan mavsum Toshkentda o‘tgan o‘yinda Nasafni kichik hisobda mag‘lubiyatga uchratgan edi. Xo‘sh, bu galgi bahsda qanday natija qayd etiladi? Bu savolga 28-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan o‘yinni kuzatish orqali javob topamiz.
Manba: Pfl.uz


