Nasafning OFK Elit Chempionlar Ligasi 8-turdagi raqibi haqida
16-fevral kuni Nasaf klubi OFK Elit Chempionlar Ligasi musobaqasining 8-turi doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining Al Sharja jamoasi bilan kuch sinashadi.
Keling, ushbu jamoa haqida biroz to‘xtalamiz.Al Sharja jamoasi 60 yillik tarixga ega. Klub 1966-yilda tashkil topgan.Jamoaga muxlislar tomonidan The KingSharja (“Sharja shahrining qirollari”) degan laqab berilgan. Klub o‘z uy uchrashuvlarini Sharja shahridagi "Sharjah stadium"da o‘tkazadi. Ushbu maydon o‘z bag‘riga 12 mingdan ziyod muxlisni sig‘dira oladi.
Jamoa Birlashgan Arab Amirliklari chempionatining 6 karra g‘olibi, 10 karra Prezident kubogi sohibi va 4 karra mamlakat Superkubogi g‘olibi hisoblanadi. Shuningdek, jamoa o‘tgan mavsum Osiyo chempionlar ligasi 2 musobaqasida ham zafar quchgan.
Al Sharja shu vaqtgacha Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan rasmiy musobaqalarda 62 ta o‘yin o‘tkazgan. Ulardan 26 tasida g‘alaba, 20 tasida mag‘lubiyat, 16 tasida esa durang natija qayd etilgan.Jamoani ayni paytda 61 yoshli angolalik mutaxassis Xose Morais boshqarmoqda. U o‘z faoliyati davomida Inter, Real Madrid, Chelsi kabi klublarda ishlagan.
Murabbiy Chonbuk Motors jamoasi bilan 2 karra Janubiy Koreya chempionligini, Al Hilol bilan Saudiya Arabistoni Pro ligasi g‘olibligini, shuningdek, 2023/24-yilgi mavsumda Sepahon klubi bilan Eron Hazfi kubogini qo‘lga kiritgan.
Jamoa tarkibida ayni paytda Maro Katinich, Yu Min Cho, Leandrinyo, Vladimir Priyovich, Feta Fetai, Firas Ben Larbi, Igor Koronado kabi legioner futbolchilar to‘p surmoqda.
Ushbu klub O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari uchun ham begona emas. Yaqin yillarda Al Sharja jamoasi safida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Otabek Shukurov faoliyat olib borgan.
Eslatib o‘tamiz, OFK Elit Chempionlar Ligasi 8-turidan o‘rin olgan Al Sharja — Nasaf uchrashuvi bugun Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da start oladi.
Manba: Pfl.uz


