USD 12620.09
EUR 13599.41
RUB 136.73

COVID-19

Коронавирус COVID-19 Ўзбекистонда

Инфекцияланганлар

Соғайганлар

Вафот этганлар

Article

O‘zbekistonda 27-iyul kuni 678 kishida koronavirus aniqlandi. Bu yangi antirekord

O‘zbekistonda 26-iyul soat 23:30 dan 27-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 678 ta holat qayd etildi. Bu yangi antirekord. Birinchi marta kunlik kasallanganlar soni 600 nafardan oshdi. Avvalgi eng yuqori natija 13-iyul kuni qayd etilgan bo‘lib, o‘sha kuni 594 kishida koronavirus aniqlangandi. Yangi kasallanish holatlaridan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 21209 nafarga yetdi.

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallangan 678 kishining barchasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan:

Toshkent shahrida — 475 nafar;

Toshkent viloyatida — 127 nafar;

Buxoro viloyatida — 22 nafar;

Sirdaryo viloyatida — 18 nafar;

Namangan viloyatida — 18 nafar.

Andijon viloyatida — 13 nafar;

Jizzax viloyatida — 3 nafar;

Navoiy viloyatida — 2 nafar.

Kun davomida 8 ta hududda kasallanish holati qayd etildi. 678 ta holatdan 602 tasi Toshkent shahri va viloyatiga to‘g‘ri keldi.

Toshkent shahrida 475 kishida koronavirus qaydetildi. Bu Toshkent shahri uchun ham kunlik kasallanish holatlari bo‘yicha antirekord hisoblanadi. 25-iyulda poytaxtda 459 kishida koronavirus tasdiqlangandi. 27-iyul kuni Toshkentda aniqlangan holatlar Qoraqalpog‘iston (337) va Jizzaxda (140) butun epidemiya mavsumida qayd etilgan holatlar bilan deyarli teng (475 ga 477).

Toshkent viloyatida 127 kishida kasallik aniqlandi. Ikki kundan buyon viloyatda yangi holatlar 100 dan oshmoqda. Bugungi kunga kelib Toshkent viloyati koronavirusga chalinganlar soni 2000 nafardan oshgan Toshkent shahridan keyin ikkinchi hudud bo‘ldi.

Buxoro viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 22 ta holat qayd etilgan. Iyul oyida Buxoroda jami 200 kishida kasallik aniqlandi. Bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 28 foiziga teng. Buxoro Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Andijon viloyatlaridan so‘ng kasallanganlar soni 700 nafardan oshgan 5-hudud bo‘ldi.

Sirdaryo viloyatida 18 kishida koronavirus aniqlandi. 17-iyuldan beri SSV Sirdaryo viloyatining statistikasini Toshkentdan alohida berishni boshladi. O‘sha kungacha viloyatda kasallanganlar soni 213 nafarni tashkil etgan, 10 kun ichida Sirdaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 293 nafarga ko‘payib, hozirda 506 nafarga yetgan. Sirdaryo viloyati koronavirusga chalinganlar soni 500 nafardan oshgan Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon, Namangan va Qashqadaryo viloyatlaridan so‘ng 8-hudud bo‘ldi.

Namangan viloyatida ham 18 kishida koronavirus qayd etildi. Namangan viloyatida oxirgi 15 kun ichida faqatgina 24-iyulda koronavirusga chalinish holati kuzatilmadi. Viloyatda iyul oyida 373 kishida koronavirus qayd etildi, bu Namangandagi jami kasallanish holatlarining 56 foiziga tengdir.

Andijon viloyatida 13 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda iyul oyida 724 kishida kasallik qayd etildi, bu Andijondagi jami kasallanish holatlarining 78 foiziga tengdir. Andijon hozir kasallanganlar soni bo‘yicha faqat Toshkent shahri va viloyatidan ortda qolmoqda. Vodiyning boshqa ikki hududi Namangan va Farg‘onadagi jami kasallanish holatlarini qo‘shganda (900 ta holat) ham Andijonga yetolmaydi.

Jizzax viloyatida 3 kishida kasallik qayd etildi. Viloyatda 21-iyuldan beri yangi holatlar aniqlanmagandi. Jizzax viloyatida aniqlangan 140 ta holatdan 130 tasi iyul oyi hisobiga to‘g‘ri keldi. Jizzax hozirda eng kam koronavirus aniqlangan hudud hisoblanadi. Qolgan barcha hududlarda bemorlar soni 200 nafardan ko‘p.

Navoiy viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida 2 ta holat qayd etilgan. Navoiyda iyul oyida 113 kishida koronavirus aniqlandi. Bu viloyatdagi jami kasallanish holatlarining 29 foiziga teng.

O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat jiddiy tus olmoqda. 27-iyul kuni ilk marta kunlik kasallanish ko‘rsatkichi 600 dan oshdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ilk marta niqobda ko‘rinish berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kuni Toshkent shahrida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, bu boradagi ishlarning samaradorligini, aholiga sifatli va o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatish qamrovini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar hisobotini tingladi. Davlat rahbari pandemiya sharoitida sog‘liqni saqlash milliy tizimini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, poytaxtdagi sport majmualari negizida tashkil etilayotgan taqsimlash markazlari va yangi klinikalarni tibbiy xodimlar bilan ta’minlash, koronavirus bilan xastalangan shaxslarni samarali davolashga mamlakat harbiylari, harbiy-tibbiy muassasalarning xizmatchilari va tibbiyot mutaxassislarini jalb qilish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi.

Prezident matbuot xizmati ushbu tadbirda ko‘rsatilgan taqdimotlardan birining suratini e’lon qilgan. Unda Mudofaa vazirligi harbiy gospitalida Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi xodimlari koronavirusdan davolanayotganini haqida axborot berilgan.

Shu vaqtgacha Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vazirligi tizimi xodimlari koronavirusga chalingani yuzasidan rasman ma’lumot berilmagan edi. Ammo Prezident matbuot xizmati e’lon qilgan suratdan Mudofaa vazirligi tizimidagi xodimlar orasida koronavirusga chalinish holatlari ancha ko‘pligini ko‘rish mumkin. Vazirlik tizimidagi 664 kishida kasallik aniqlangan. Bu degani O‘zbekistondagi koronavirus bemorlarining 3 foizi yoki kasallik aniqlangan har 32-odam Mudofaa vazirligi tizimi xodimi deganidir.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

27-iyul kuni SSV Toshkent shahrida 5 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgani haqida xabar berdi. Ammo bemorlarning aynan qaysi kuni vafot etganiga aniqlik kiritilmagan.

Birinchi o‘lim. Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida yashagan 65 yoshli Sh.G. ismli erkakda 4-iyuldan kasallik belgilari — tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal boshlangan. Unda COVID-19 tasdiqlangach, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Bemorga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, poliorgan yetishmovchilik asorati bilan kechgan. Shuningdek, bemorda yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh xastaliklar ham bo‘lgan.

“Bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, saturatsiya ko‘rsatkichining pasayib borishi, nafas olishining qiyinlashuvi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramay o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan”, — deyiladi SSV axborotida.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahar Yashnobod tumanida yashagan 64 yoshli X.X. ismli ayolda 13-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi, o‘pka shishi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya hamda gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi hamda o‘pka shishidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. Toshkent shahar Yashnobod tumanida yashagan 53 yoshli B.T. ismli erkakda 11-iyul kuni COVID-19 tasdiqlangan va Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, u yurak ishemik kasalligi, stenokardiya hamda gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. Toshkent shahar Chilonzor tumanida yashagan 35 yoshli Z.X. ismli ayol 15—20-iyul kunlari shahar 7-son tug‘ruq kompleksida 3-homiladorlik, ikki tomonlama pnevmoniya, kamqonlik tashxisi bilan statsionar sharoitda davolangan.

Unda COVID-19 infeksiyasi borligi tasdiqlangach, 20-iyul kuni shahar 3-son tug‘ruq kompleksiga o‘tkazilgan. Shifoxonada Z.X.ga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.

Bemorning ahvoli asosiy kasallik asoratlari hisobiga keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramay, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

SSV to‘rt kundan beri ketma-ket koronavirusga chalingan homilador ayollarning vafot etgani haqida xabar bermoqda. 24-iyul kuni qashqadaryolik 35 yoshli ayol, 25-iyul kuni toshkentlik 34 yoshli ayolning homiladorlik vaqtida koronavirus tasdiqlangach hayotdan ko‘z yumgani, 26-iyulda esa Toshkent shahrida koronavirusga chalingan 32 yoshli ayolning vafot etgani haqida xabar berildi.

Beshinchi o‘lim. Toshkent shahar Chilonzor tumanida yashagan 64 yoshli A.A. ismli ayolda 17-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi borligi tasdiqlangan. Bemor COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi hamda ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi bilan Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Xastalik o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi va o‘pka shishi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stabil zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kasalligi va semizlikning 3-darajasi kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Mutaxassislar tomonidan reanimatsion choralar ko‘rilganiga qaramay, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi hamda o‘pka shishidan vafot etgan.

Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 121 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi. “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirus chalingach vafot etganlar soni 127 nafarni tashkil etmoqda. Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov, Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. Biroq ushbu olti holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Taniqli rejissor Sarvar Karimov ham 17-iyul kuni otasi koronavirus infeksiyasidan vafot etgani, ammo unga tashxis qo‘yilmaganini ma’lum qilgandi. Rejissorning o‘zi va uning boshqa oila a’zolarida koronavirus tasdiqlangan. Shuningdek, 26-iyul kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov 24-iyul kuni Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm universitetining 33 yoshli magistranti O‘tkir Temirov kasallikdan vafot etganini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, marhum o‘zida COVID-19’ning barcha belgilari bo‘lsa-da, test ham topshira olmagan, kasalxonaga ham yota olmagan.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 9 414 nafar bemordan 214 nafari og‘ir, 83 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Ahvoli og‘ir va o‘ta og‘ir bemorlarning umumiy soni 16-iyul kuni birinchi marta 60 nafardan, 17-iyul kuni 80 nafardan, 18-iyul kuni 90 nafardan, 19-iyul kuni 100 nafardan 21-iyul kuni 130 nafardan, 23-iyul kuni 140 nafardan, 24-iyul kuni 170 nafardan, 25-iyul kuni 190 nafardan, 26-iyul kuni 210 nafardan oshgandi, endi esa ularning umumiy soni 297 nafarga yetdi.

Kasallikdan davolanish

27-iyul kuni 569 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi. Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning kasallikdan tuzalishi bo‘yicha kunlik rekord ko‘rsatkich yangilandi. Tuzalganlarning

337 nafari Toshkent shahridagi 20 ta shifoxonada davolanayotgan bemorlar;

75 nafari Toshkent viloyatida;

53 nafari Qashqadaryo viloyatida;

32 nafari Andijon viloyatida;

22 nafari Namangan viloyatida;

22 nafari Sirdaryo viloyatida;

15 nafari Farg‘ona viloyatida;

13 nafari Jizzax viloyatida kasallikdan forig‘ bo‘lgan.

Ushbu bemorlarning qanchasi uy sharoitida, qanchasi statsionar sharoitda davolanganiga aniqlik kiritilmagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas. Respublika maxsus komissiyasi markaziy shtabining 22-iyul kuni bergan ma’lumotlari allaqachon eskirdi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 21 209 nafar bemordan 11 674 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 55 foizni tashkil etmoqda. Bir kun ichida bu boradagi ko‘rsatkich 1 foizga yaxshilandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha ayni paytda 9414 nafar bemordan 7025 nafari Toshkent shahrida davolanmoqda. Jizzaxda 17, Farg‘onada 22, Navoiyda 26, Xorazmda 42, Samarqandda 97, Qoraqalpog‘istonda 121, Sirdaryoda 125, Namanganda 158, Buxoroda 160, Qashqadaryoda 209, Surxondaryoda 217, Andijonda 214 va Toshkent viloyatida 981 nafar bemor qoldi.

Toshkent viloyatida kasallikdan tuzalganlar soni 1000 nafardan oshdi.

Karantindagilar

Ayni vaqtda O‘zbekistonda uy karantinida 67 155 nafar, statsionar karantinda esa 25 178 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Bir kun ichida uy karantinidagi fuqarolar soni 574 nafarga, statsionar karantindagi fuqarolar soni 1139 nafarga kamaydi.

Доимо хабардор бўлинг

Барча янгиликлар сизнинг смартфонингизда Мобил иловамизни юклаб олинг