USD 12640.21
EUR 13559.15
RUB 137.02

COVID-19

Коронавирус COVID-19 Ўзбекистонда

Инфекцияланганлар

Соғайганлар

Вафот этганлар

Article

O‘zbekistonda koronavirus yuqtirib olish qaysi jamoat joylarida ko'proq yuz berayotganligi aniqlandi

 

Sog‘liqni saqlash vazirligi, AOKA, Yoshlar ishlari bo‘yicha agentlik hamda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi ta’sisligida tashkil qilingan Telegram’dagi “Koronavirus Info” kanalida O‘zbekiston sharoitida COVID-19 yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘lgan yoki fuqarolar hayotiga infeksiyaning kirishiga unchalik katta xavf tug‘dirmaydigan maskanlar hamda mashg‘ulotlar haqida to‘qqizlik reyting tuzib chiqildi.

Unga ko‘ra, eng xavfli joy, ya’ni 9-o‘rinni tungi klublarga borish egallab turibdi. O‘zbekistonda Respublika maxsus komissiyasining qarorlariga ko‘ra, 15-martdan buyon hali hech bir hududda tungi klublar, diskotekalar, karaoke, bilyard zallari, spa va massaj salonlari faoliyatiga ruxsat berilmagan.

8-o‘rinda teatr, konsert, masjid, cherkov, ibodatxona, stadion, spirtli ichimliklar ichiladigan joylar (pab, bar) va ziyofatlarga borish koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish xavfini oshirishi qayd etilgan.

7-o‘rinda to‘ylarga borish, qo‘l berib yoki quchoqlashib ko‘rishish, tibbiy niqob taqmaslik, umumiy oshxonalarda ovqatlanish va bolalarning maydonchalarda o‘ynashi COVID-19 yuqtirib olish xavfini oshirishi bayon qilingan.

6-pog‘onada parvozlarni amalga oshirish, restoranga borish, avtobus yoki poyezdda sayohat qilish, sport zalidagi mashg‘ulotlar, bouling, keksa yoshdagi kishilarni yo‘qlash hamda basketbol (voleybol, futbol) o‘ynash karantin davrida xavfli ekani ko‘rsatib o‘tilgan. O‘rtacha xavf darajasida ekani qayd etilgan.

5-o‘rinda kinoteatrga borish, bolalarning maktab yoki yozgi oromgohlarga borishi, umumiy ofisda ishlash, sartaroshxonalarga borish va sport maydonlaridagi o‘yinlar sanab o‘tilgan. Bu ham ham o‘rtacha xavf darajasiga kiradi.

4-o‘rindagi mashg‘ulotlar va joylar ham o‘rtacha xavf darajasida deb baholangan. Suv havzasi, ya’ni basseynga borish, savdo markazlarida bo‘lish, jamoat hojatxonalaridan foydalanish, pikniklarga borish va mehmonxonalarda bo‘lish COVID-19 yuqtirib olish ehtimolini oshiradi.

3 dan 1-o‘ringacha bo‘lgan mashg‘ulotlar va maskanlar xavf eng kam bo‘lgan holatlar hududi sifatida ko‘rsatilgan. Bunga mehmonga, shifokor qabuliga borish, uydan tashqarida ovqatlanish, supermarketdan xarid qilish, cho‘milish havzalarida dam olish, odamlar ko‘p bo‘lgan ko‘chalarda yurish, o‘smirlar uchun o‘yinlar, uyda bitta hojatxonadan foydalanish, AYoQSh, kemping, muzey, ovqat yetkazib berish xizmatlaridan foydalanish hamda ochiq havoda sport bilan shug‘ullanish kabilar kirishi sanab o‘tilgan.

Avvalroq havo yaxshi aylanmaydigan binolar, jamoat transporti, odamlar uzoq vaqt davomida muloqot qiladigan joylar hamda bar, restoran va karaoke-klublarda koronavirus bilan kasallanish xavfi yuqori ekanligi ma’lum qilingan.

Shuningdek, olimlar basseyn va suv havzalari orqali koronavirus yuqtirib olish ehtimolini baholagani to‘g‘risida, virusni oziq-ovqatlar orqali yuqtirib olishdan saqlanish yo‘llari xususida xabar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, dunyoning 32 mamlakatidan bo‘lgan 239 nafar olim Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga murojaat yo‘llab, undan koronavirus borasidagi tavsiyalarni qayta ko‘rib chiqishni talab qilgandi.

 

Доимо хабардор бўлинг

Барча янгиликлар сизнинг смартфонингизда Мобил иловамизни юклаб олинг