O'zbekistonda 2020 yil talabalari 1- oktyabrdan ta'limni boshlashlari mumkin. Maktablar va kasb hunar kollejlari esa.....
O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida 2020-yilda talabalikka qabul qilinadigan 1-kurs talabalari o‘qishni oktabrda oyida boshlashi mumkin. Bu haqda Davlat test markazi direktori Majid Karimov 9-iyul, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
Majid Karimovning so‘zlariga ko‘ra, epidemiologik vaziyat o‘nglanmasa, OTMga kirish imtihonlarining surilishi masalasini ayni paytda oldindan aytib bo‘lmaydi.
“Test — OTMga kirish uchun o‘tkaziladigan sinov. Yuqori kurslarning darsini vaqtliroq boshlash mumkin. 1-kurslarni oktabrda boshlash mumkin. Respublika maxsus komissiyasi vaziyatga qarab takliflar asosida qaror qabul qiladi”, — dedi DTM rahbari.
Uning qayd etishicha, OTMga talabalarning test sinovlarisiz qabul qilinishi mumkin emas. Komissiya qarori bilan yakuniy xulosa ma’lum qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 8-iyul, chorshanba kuni Respublika maxsus komissiyasining mamlakatda karantin choralarini kuchaytirish bo‘yicha axboroti yuzasidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanidan keyin turli manbalarda davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlari onlayn bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Biroq Davlat test markazi mazkur xabarlarni rad etdi va davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarini o‘tkazish tartibi o‘zgarmaganini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, 2020/2021-o‘quv yili uchun abituriyentlarning hujjatlari DTM sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinmoqda. Test sinovlari karantin qoidalariga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi, hujjatlar 20-iyundan 20-iyulgacha (20-iyul kuni ham) qabul qilinadi.
Shuningdek, O‘zbekistonda OTMlarga kirish imtihonlarini 25-iyuldan 20-avgustgacha o‘tkazish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi. Biroq O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashayotgani sababli 10-iyuldan 1-avgustgacha mamlakatda qat’iy karantin choralari joriy qilinadi. 10-iyuldan avtotransport harakati cheklanadi, tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qat’i nazar maktabgacha ta’lim tashkilotlari, o‘quv kurslari va har qanday to‘garaklar yopiladi. O‘zbekistonning barcha hududlari epidemiologik toifasi “qizil” bo‘ladi.
Maktablar va kasb hunar kollejlari qachondan o'qish boshlanishi hozircha no'malum.