O‘zbekistonda koronavirus eng yuqori cho‘qqisiga Hali chiqmagan
“Yo‘q, hali ‘pik’ holatga chiqqanimiz yo‘q. Biz o‘sishda davom etyapmiz”, — deb ta’kidlagan sog‘liqni saqlash vaziri.
Shuningdek, vazir koronavirus bilan bog‘liq hozirgi vaziyat va karantin cheklovlari qachongacha davom etishi mumkinligi haqida ham o‘z fikrini bildirgan.
“Buni shu kungacha ko‘plab olimlar bashorat qilishga harakat qildi. Lekin birortasining taxmini to‘g‘ri chiqqani yo‘q. Shuning uchun men ham bashorat qilmayman. Aytish juda qiyin”, — dedi Alisher Shodmonov.
Vazir O‘zbekistonda koronavirusdan saqlanishning muhim vositasi tibbiy niqob taqish, ozodalikka rioya qilish va ijtimoiy masofa saqlash ekanini aytib, kasallikning to‘xtashi odamlarga bog‘liqligini ta’kidladi.
“Hammasi siz-u bizga, xalqimizga bog‘liq. Aniq qoidalar bor. Ularga rioya etilsa, itoat qilinsa, biz bu kasallik ustidan g‘olib chiqa olamiz. Shundagina kasallikdan 2-3 oyda qutilib ketishimiz mumkin. Aks holda bu virus uzoq yillar davomida organizmimizda saqlanib qolishi mumkin”, — dedi sog‘liqni saqlash vaziri.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 23-iyundan beri bir kunlik kasallanishlar soni 200 tadan yuqori bo‘lmoqda, 3-iyuldan buyon esa 300 tadan oshmoqda. O‘zbekistonda 6-iyul soat 17:00 holatiga ko‘ra, 141 kishida koronavirus aniqlandi va kasallanganlarning umumiy soni 10 284 kishigayetdi. Ayni paytda O‘zbekistonda kasallikka chalingan 10 284 nafar bemordan 6584 nafari koronavirusdan sog‘aydi. 36 nafar bemor kasallik asoratlaridan vafot etdi.