Saudiya Arabistonida koronavirusga chalinganlar soni 200 ming kishidan oshdi
Saudiya Arabistoni koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha arab davlatlari orasida rekordlarni yangilashda davom etmoqda. 3-iyul kuni bu ko‘rsatkich 200 ming kishidan oshib ketdi, deb xabar bermoqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi Twitter’dagi sahifasida.
“So‘nggi sutkada 4 mingdan ortiq kasallanish holatlari aniqlanganidan so‘ng Saudiya Arabistonida COVID-19 tarqalishi boshlanganidan beri kasallanganlarning umumiy soni 201,8 mingni tashkil etmoqda”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Shu bilan birga, umumiy hisobda bemorlarning 140 nafari sog‘aygan, 1,8 ming nafari koronavirus asoratlaridan vafot etgan.
Koronavirusga chalinganlar soni doimiy ravishda ortib borayotganiga qaramay, Saudiya Arabistoni ichki aviqatnovlar va viloyatlararo harakatlanishga ruxsat berib, may oyining oxirida asta-sekin cheklov choralarini yumshata boshladi.
Mamlakat masjidlari yana ishlay boshladi. Biroq Saudiya Arabistoni xorijlik ziyoratchilar uchun 2020-yilgi Haj ziyoratini bekor qildi. Faqat mamlakatda bo‘lib turgan musulmonlargina Haj ziyoratini ado etishi mumkin. Bu yil ularning soni o‘n mingdan oshmaydi, odatda Hajga keluvchilar soni bir necha million kishini tashkil qilardi.
Avvalroq Saudiya Arabistonida 23-martdan boshlab joriy etilgan komendantlik soati 21-iyun kuni bekor qilingani xabar berilgan edi. Ammo shunga qaramay, ko‘plab cheklovlar o‘z kuchida qoldi. Hukumat xorijga sayohat qilish va ziyoratlarga qo‘yilgan taqiqlarni o‘z kuchida qoldirgan.