USD 11010.33
EUR 10851.78
RUB 183.58

COVID-19

Коронавирус COVID-19 Ўзбекистонда

Инфекцияланганлар

Соғайганлар

Вафот этганлар

Article

Osiyo taraqqiyot banki koronavirusning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sirini kamaytirish uchun 500 mln dollar kredit ajratdi

Osiyo taraqqiyot bankining direktorlar kengashi 2020-yil 25-iyun kuni koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun O‘zbekistonga 500 million dollar miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘larini ajratish bo‘yicha qarorni ma’qulladi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, 500 million dollar miqdoridagi imtiyozli qarz mablag‘lari 15 yil muddatga, shundan 3 yillik imtiyozli davr bilan ajratilmoqda.

 

Jalb qilinayotgan mablag‘lar O‘zbekiston Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi va davlat budjetiga koronavirus pandemiyasi va global inqirozning salbiy ta’sirini kamaytirish choralarini moliyalashtirish maqsadida yo‘naltiriladi.

 

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur mablag‘lardan o‘pkani sun’iy nafas oldirish apparatlari, test tizimlari, shaxsiy himoya vositalarini sotib olish hamda sog‘liqni saqlash sohasida faoliyat yuritayotgan ayollarga alohida ijtimoiy paketlar berish uchun ham foydalaniladi.

 

Ushbu moliyaviy yordam mintaqaviy texnik yordam doirasida OTB tomonidan O‘zbekiston hukumatiga ilgari taqdim etilgan 1,5 million dollar miqdoridagi grant mablag‘lariga qo‘shimcha ko‘mak hisoblanadi.

 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston koronavirusga qarshi kurash uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 1 milliard dollar so‘ragandi. Keyinroq OTB O‘zbekistonga COVID-19 bilan kurashishi uchun 1,36 million dollarajratgani ma’lum bo‘ldi.

 

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus sababli yuzaga keladigan iqtisodiy muammolarga qarshi kurashish uchun Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilib, unga 10 trillion so‘m ajratilishi ma’lum qilingan. O‘zbekiston Prezidentining 22-aprelda imzolagan qaroriga ko‘ra, pandemiya oqibatlarini kamaytirish uchun 2020-yilda 3,1 milliard dollar jalb qilish rejalashtirilgan.

 

Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonga 375 million dollar miqdorida kredit ajratishga rozilik berdi va buning uchun qo‘shimcha shart qo‘ymasligini ma’lum qildi, keyinroq mazkur kredit jamg‘arma tomonidan ma’qullandi.

 

Jahon banki tomonidan koronavirusga qarshi kurash uchun Markaziy Osiyoga ajratilgan 370 million dollarning asosiy qismi O‘zbekistonga nasib etdi.

 

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston banklariga yordam tariqasida 220 million dollar, O‘zbekiston kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 150 million dollar ajratishi ma’lum qilingan.

 

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) koronavirusga qarshi kurash uchun O‘zbekistonga fevral, mart va aprel oylarida yordam ko‘rsatdi. AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC/CAR) Markaziy Osiyo hukumatlarining COVID-19’ga qarshi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 6,8 million dollar ajratdi, buning 2,07 million dollari esa O‘zbekistonga berildi. Shuningdek, COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar doirasida AQSh hukumati USAID orqali O‘zbekistonga qo‘shimcha 3 million dollar ajratishi ma’lum qilindi. USAID 5-iyun kuni O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga koronavirus testi o‘tkazish uchun zarur vositalarni yetkazib berdi. Bundan tashqari, AQSh hukumati USAID orqali COVID-19 pandemiyasi davrida Markaziy Osiyoda muhojirlarni himoya qilish uchun 2 million dollar ajratishni rejalashtirgan.

Доимо хабардор бўлинг

Барча янгиликлар сизнинг смартфонингизда Мобил иловамизни юклаб олинг