Moskvadan Toshkentga uchayotgan samolyot o‘layotgan yo‘lovchi sabab Qozonga qo‘nishga majbur bo‘ldi
Rossiyaning Moskva shahridan Toshkentga uchayotgan samolyot bortdagi ahvoli og‘irlashgan yo‘lovchi sabab Qozon shahriga rejadan tashqari qo‘ndi. Bu haqda Telegram’dagi Aviaincident kanali xabar berdi.
Flightradar saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra, Uzbekistan Airways’ga tegishli HY604 samolyoti 8-yanvar kuni Moskva vaqti vilan 11:10 da Domodedovodan Toshkentga parvoz qilgan. Parvoz paytida bortdagi yo‘lovchining ahvoli og‘irlashib, o‘lish xavfi paydo bo‘lgan. Shu sabab samolyot ekipaji “PAN” signalini e’lon qilib, Qozon shahriga qo‘nishiga to‘g‘ri kelgan.
U yerda yo‘lovchi kasalxonaga olib ketilgan. Samolyot 14:57 da Toshkentga uchib, 17:05 da yetib kelgan.