AQSh Rossiyaga qarshi “tajovuzkor” sanksiyalar paketini tayyorlamoqda
CNN manbalarining aytishicha, sanksiyalar Rossiya prezidenti Vladimir Putin va rossiyalik “oligarxlar” atrofidagi kishilarga qarshi cheklovlar, banklar va energetika kompaniyalariga nisbatan choralar, Rossiya suveren qarziga qarshi sanksiyalar hamda potensial “yadroviy variant”— Rossiyani SWIFT banklararo pul o‘tkazish tizimidan uzib qo‘yishni o‘z ichiga oladi.
Sanksiyalarni qachon va qanday sharoitlarda qo‘llash bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. AQSh hukumati o‘z harakatlari haqida Rossiya bilan yaqindan iqtisodiy aloqalar olib boruvchi yevropalik hamkorlari bilan kelishib olmoqchi, dedi CNN manbalari.
“Biz tajovuzkor sanksiyalar paketini yig‘dik”, — dedi manbalardan biri. Uning qo‘shimcha qilishicha, Moskva Ukrainaga bostirib kirsa, AQSh va Yevropa Eron va Shimoliy Koreyadan boshqa istalgan davlatga nisbatan qo‘llagan eng yomon iqtisodiy sanksiyalarni joriy etadi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov CNN maqolasini Putin va Bayden o‘rtasidagi muzokaralar oldidan “axborot isteriyasining davomi” deb atadi.
Bloomberg manbalariga tayanib xabar berishicha, AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan taqdirda, Rossiya banklari va Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasiga qarshi sanksiyalar qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bundan tashqari, sanksiyalar variantlari orasida rublni boshqa valyutalarga konvertatsiya qilish bo‘yicha va ikkilamchi bozorda Rossiya qarz majburiyatlarini sotib olish bo‘yicha cheklovlar mavjud.
G‘arbda so‘nggi haftalarda Rossiya qo‘shinlarining Ukraina bilan chegarada qayta to‘planayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Amerika va Yevropa OAV manbalariga ko‘ra, Rossiya 2022-yil boshida Ukrainaga bostirib kirishni rejalashtirilgan.
Rossiya—Ukraina inqirozi fonida AQSh prezidenti Jo Bayden va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 7-dekabr kuni videomuzokaralar o‘tkazishga kelishib oldi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyaga qarshi ehtimoliy sanksiyalar haqida gapirar ekan, gap AQSh avvalroq rad etgan “samarali iqtisodiy choralar” haqida ketayotganini ta’kidlagan.