Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmonni prezidentlik saylovida g‘alaba qozongani bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Xabarga aytilishicha, davlat rahbari Tojikiston yetakchisini prezidentlik saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan tabriklab, unga birodar tojik xalqi farovonligi va ravnaqi yo‘lidagi faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston—Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, Hukumatlararo komissiya qarorlarini bajarish hamda bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar uchun yangi kun tartibini ishlab chiqish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Prezidentlar Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston davlat rahbarlarining Qirg‘izistondagi vaziyat yuzasidan qo‘shma bayonoti qabul qilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Tojikistonning amaldagi prezidenti Emomali Rahmon 11-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan respublika rahbarligiga saylovlarda ovozlarning 90,92 foizini to‘plab g'olib bo'ldi. Ovoz berishda saylovchilarning 85,39 foizi qatnashgan.
1992-yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan (sovet davridan keyingi mamlakatlardagi eng uzoq davom etayotgan muddat) Rahmon uchun bu beshinchi prezidentlik muddatidir.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 5-oktabr kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilib, bo‘lajak prezidentlik saylovlarida muvaffaqiyat tilagan edi.