USD 12844.21
EUR 13508.26
RUB 127.35

COVID-19

Коронавирус COVID-19 Ўзбекистонда

Инфекцияланганлар

Соғайганлар

Вафот этганлар

Article

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov koronavirusga chalinganini ma’lum qildi

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov COVID-19 koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgani, kasalxonada davolangani va ayni vaqtda uy sharoitida reabilitatsiyada ekani haqida Telegram’dagi kanalida post qoldirdi.

Sherzod Shermatov koronavirusga chalingani ma’lum qilingan O‘zbekistondagi birinchi vazir bo‘ldi.

Shermatov Telegram-kanalidagi postida kasallikning qanday kechgani haqida yozgan, odamlarga infeksiyani yengishdagi o‘z shaxsiy tavsiyalarini berib o‘tgan.

Afsuski, sanitariya qoidalariga qanchalik rioya qilmay, baribir ushbu virusni yuqtirib oldim. Yaxshi niyat qilib, yangi o‘quv yilini an’anaviy shaklda o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha anchagina maktablarda ta’mirlash ishlari ketayotgani uchun, ularni imkon boricha o‘zim borib ko‘rayotgandim, balki o‘sha yerda yuqtirib oldim, shekilli. Boshidanoq tana haroratim ko‘tarilib, umumiy ahvolim yomonlashdi. Ertasidan lohaslik, saldan keyin hid bilish va ta’m bilish ham yo‘qoldi. Birinchi hafta shifokor maslahati bilan uyda davolanishga harakat qildim, yengilroq o‘tsa, balki shifoxonaga hojat bo‘lmas degan niyatim bor edi. Lekin bir haftadan keyin, tana harorati yana ko‘tarilib ketganiga, shifokorlar shifoxona sharoitida davolanishga o‘tish kerakligini ta’kidlashdi. O‘sha kezlari Semashko sanatoriyasi koronavirusni davolashga ixtisoslashtirilgan ekan, o‘sha yerda davolanishga to‘g‘ri keldi. Shifokor tavsiyasiga ko‘ra dorilardan boshidan D3, C kabi vitaminlarni qabul qila boshladim. Keyinroq isitma tushavermagach qo‘shimcha antibiotiklar qo‘llashni boshlashdi. Saturatsiya tushib ketganda, muolaja davomida deksametazondan ukol qilib, nafasni ochishga yordam berishdi. Qonni suyultiradigan dori va tabletkalar ham juda muhim ekan. Chunki bu kasallikda inson organizmida qon quyilishi va shu orqali yurak qon aylanish va o‘pkaga salbiy ta’siri bo‘lishi mumkinligi haqida ham bilib oldim. Boshidan o‘tgan tabib deganlaridek, kimdir o‘zida shunday holatlarni sezsa ba’zi maslahatlar ularga foydali bo‘lsa kerak deb yozayapman. Birinchidan, vahima qilmaslik. Vahima har qanday kasalni yanada kuchayishiga, odamni asabiylashishiga va atrofda unga yordam berayotganlarni qiynalishiga sabab bo‘ladi. Ikkinchidan, yaxshi niyat qilish.Internetda juda negativ ko‘p, lekin kasal paytingizda eng asosiysi yaxshi niyat qilib o‘zingiz birinchi navbatda tuzalishga harakat qilsangiz, tezroq tuzalib ketasiz. Uchinchidan, yaxshilik qilish. Sadaqa raddi balo deyilgandek, qanchalik yaqinlarga va muhtojlarga yordam berilsa, shunchalik odam o‘zini yengilroq his qiladi. Oxirgisi va eng asosiysi: shifokorlar ishini qadrlash. Shuncha qiyinchiliklarda eng asosiy yuk shifokorlarga bo‘layapti. Shunday ekan hozirgi davrda sog‘lig‘ingiz tufayli shifoxonaga tushib qolsangiz, sizni davolaydigan shifokormi, hamshirami yoki boshqa tibbiy xodim bo‘ladimi, siz ham o‘z navbatida ularga yaxshi gapirib, ko‘nglini ko‘tarib turishni maslahat beraman. Ular ham juda charchashayapti, ayniqsa shu issiqda sanitariya qoidalariga rioya qilib hammasi maxsus kiyimda yurishi oson emasligini ko‘rishingiz mumkin. Fursatdan foydalanib, barcha shifokorlarga minnatdorchilik bildirib o‘tmoqchiman! Sherzod Shermatov, Xalq ta’limi vaziri


Shuningdek, vazir telefon orqali sog‘lig‘i haqida qayg‘urgan, ruhiy ko‘mak, dalda bergan insonlarga minnatdorlik izhor qilgan.

“Kasal bo‘lganimni eshitgan barcha yaqinlarim, do‘stlarim, qarindosh-urug‘larimdan doimiy ravishda duo va yaxshi so‘zlar bo‘lib turgani ham juda katta dalda bo‘ldi.

Hatto Davlatimiz rahbari o‘zlari shaxsan ahvolimni surishtirib turganlarini eshitib, boshim osmonga yetdi. Shunday odamgarchiligi yuqori bo‘lgan insonning komandasida ekanligimdan g‘ururlandim. Ustozim ham bir necha bor telefon orqali hol ahvol so‘rab, ko‘nglimni ko‘targanlari ham katta madad bo‘ldi”, – deb yozadi Shermatov.

Prezident Administratsiyasi rahbariyati, Vazirlar Mahkamasidagi Kompleksimiz rahbari tomonidan ham ahvolimni so‘rab turishgani kuch bag‘ishladi. Shunday vaqtda ish bo‘yicha munosabatlar emas, balki haqiqiy insoniylik qadriyatlarining muhimligi juda bilinar ekan. Ota-onamning har kungi duolari, barcha qarindoshlarning o‘zaro birlashib, o‘zlari pishirgan taomlardan ilinib yuborib turishganining ham katta foydasi tegdi. Ayniqsa, qarindoshlar tayyor boqayotgan tovug‘ini olib, so‘yib, tovuq sho‘rva pishirib yuborib turishgani tezroq tuzalishimga foyda bo‘ldi. Ko‘pchilik yaqinlarim qatori, Sport federatsiyasidagilar ham Xitoy dorisidan darrov yetkazishdi, rahmat baraka topishsin. Bunday e’tibordan juda xursand bo‘ldim. Men o‘zimni juda boy inson deb hisoblardim, chunki ham ota-onam, ham qaynona-qaynotam hayot bo‘lib, doim duo qilib turishgandi. Afsuski, orada qaynotam ham omonatlarini topshirdilar. Joylari jannatda bo‘lsin, juda yaxshi inson edilar... Shifoxonaga borganim to‘g‘ri bo‘libdi, MSKT 50% o‘pkada ikki tomonlama pnevmoniya ekanligini ko‘rsatdi. Keyin saturatsiya 73 gacha tushib ketdi, kislorod konsentratorini ulab, ancha ko‘tarib turishga imkon bo‘ldi. Lekin baribir eng asosiysi, kislorod bo‘lsa ham, odam o‘zi ko‘proq nafas mashqlari qilishi kerak ekan. Kislorod boshida o‘pkani ozgina erka qilib ham qo‘yarkan. Faqat kisloroddan nafas olib yotgan bilan ijobiy natija chiqishi qiyin bo‘ladi deyishdi, shunga imkon boricha nafas mashqlarini qilishga harakat qildim va albatta, foydasini sezdim. Boshida qiynalib yo‘tal tutgan vaqtlari, majbur qaytadan kislorodga ulanib, saturatsiyani ko‘tarib turdim, keyin sekin-sekin kislorodni kamaytirib, ko‘proq nafas olishga harakat qildim. Men 2 yilcha avval pnevmoniya bo‘lgandim, shu ham salbiy ta’sir qildi. O‘zi umuman davlat ishidagi tartibsiz rejim, asabbuzarliklar, kechgacha ishda bo‘lish ham organizmni charchatib, bunday kasalliklarni og‘irroq o‘tishiga sabab bo‘larkan.Shuning uchun, imkon boricha o‘zingizni asranglar, pnevmoniyani menga o‘xshab oyoqda o‘tkazmanglar. Eng qiyini kasalxonada vaqtning sekin o‘tishi bo‘ldi. Men kabi ishga o‘rganib qolgan odamga vaqtning bekor o‘tayotganiga ko‘nikish juda qiyin bo‘larkan. Rahmat, o‘z ishiga mas’uliyatli va tashabbuskor yaxshi o‘rinbosarlar va fidoiy xodimlarimiz bor. Internet orqali ham darrov vazifalarni tushunib, ishlarni sifatli tashkil qilishga harakat qilishdi. Afsuski, men bilan bir vaqtning o‘zida vazirlikdagi bir o‘rinbosar va anchagina xodimlar ham bu virusni yuqtirib, ular ham davolanib chiqishdi. Hozirda uyda reabilitatsiya davrini o‘tamoqdaman, nasib qilsa yaqin orada ishga qaytaman. Kasalxonada ekanman, 60 dan ortiq audiokitob eshitib qo‘ydim. Farhod Ibragimovga rahmat, ancha oldin yaxshi Blinkist degan dasturni sovg‘a qilgandi. Juda ko‘p yaxshi kitoblarni qisqacha qilib aytib beradigan, ingliz tilini bilgan va vaqti ziq bo‘lgan rahbarlar uchun juda foydali dastur ekan. Imkoniyatingiz bo‘lsa, audiokitoblar tinglang, bu esa vaqtdan unumli foydalanishga yordam beradi. O‘zbek tilida audiokitoblar tinglamoqchi bo‘lganlar www.kitob.uz portalidan bemalol foydalanishlari mumkin. Kimgadir ushbu maslahatlarimning foydasi tegsa xursand bo‘laman, o‘zingiz va yaqinlaringizni asranglar! Sherzod Shermatov, Xalq ta’limi vaziri


Davlat ishidagi tartibsiz rejim, asabbuzarliklar, kechgacha ishda bo‘lish ham organizmni charchatib, bunday kasalliklarni og‘irroq o‘tishiga sabab bo‘lishini alohida qayd etgan Sherzod Shermatov koronavirusga chalingan O‘zbekistondagi birinchi amaldor emas. Hozirda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov, Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov, bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirus infeksiyasidan davolanmoqda. Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Rustam Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, ularning salomatligida tashvishli narsa yo‘q.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov, Samarqand viloyati Nurobod tumani hokimi Faxriddin Zoirov koronavirusdan sog‘ayishga erishgan.

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Musa Yerniyazov 72 yoshda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani hokimi Daulet Tolibayev 36 yoshda, O‘zbekiston moliya vaziri o‘rinbosari Yorqin Tursunov 55 yoshda kasallik asoratlari oqibatida vafot etgandi.

 

Доимо хабардор бўлинг

Барча янгиликлар сизнинг смартфонингизда Мобил иловамизни юклаб олинг