11-dekabr kuni Liga OAV xodimlari bilan matbuot anjumani tashkil qilinadi
9-dekabr kuni Liga 2024-yil mavsumidagi eng so‘nggi rasmiy uchrashuvini tashkil qiladi va shu kuni Superliganing so‘nggi ishtirokchisi nomiga oydinlik kiritiladi.
Mavsum yakuni arafasida Liga rahbariyati bilan intervyu tashkil qilish yuzasidan qator takliflar kelib tushmoqda. Ayni vaqtda ularning barchasi bilan alohida suhbat tashkil qilishdan ko‘ra, OAV bilan ochiq muloqot o‘tkazishni ma’qul deb topdik. Matbuot anjumani 11-dekabr kuni soat 11:00 da Bunyodkor stadionida bo‘lib o‘tadi.
Anjuman bir nechta qismga bo‘linishi ko‘zda tutilgan. Uning birinchi qismi stadionlar mavzusida bo‘lib, Liga so‘nggi 4 yilda bu borada amalga oshirilgan ishlar yuzasidan to‘liq axborot beradi. Shuningdek, yil davomida maydonlar mavzusidagi chalkash fikrlar va buning sabablari alohida prezentatsiya shaklida ko‘rsatib beriladi.
Shuningdek, mazkur matbuot anjumanida Superliganing 2024-yilgi mavsumdagi eng yaxshilarini e’lon qilish ko‘zda tutilgan. Undan keyin esa Liga mutaxassislari OAV xodimlarining savollariga javob qaytaradi.