G‘alaba kunini nishonlash koronavirus tufayli bekor qilindi
Qozog‘istonda har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan G‘alaba kuni tantanalari murakkab epidemiologik vaziyat tufayli 2021-yilda nishonlanmaydigan bo‘ldi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Davlat rahbarining matbuot kotibi Berik Uali o‘zining Facebook sahifasida yozishicha, mamlakat prezidenti vatandoshlariga bayram tabrigi bilan murojaat qiladi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, urush faxriylariga moddiy yordam ko‘rsatiladi.
Avvalroq respublika Mudofaa vazirligi qoshidagi “Interfaks-Kazaxstan” agentligi Qozog‘istonning urush va mehnat faxriylarini G‘alaba kuni bilan tabriklash mintaqalardagi sanitar-epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda amalga oshirilishini ma’lum qildi. Bayram munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarning aksariyati onlayn tarzda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, avvalroq mamlakatdagi epidemiologik vaziyat sababli 7-may kuni nishonlanadigan Vatan himoyachilari kuni va G‘alaba kuniga bag‘ishlab harbiy parad o‘tkazish rejalashtirilmayotgani haqida xabar berilgandi. 2020-yilda G‘alaba kunining 75 yilligiga bag‘ishlangan harbiy parad koronavirus tarqalish xavfi tufayli bekor qilingan edi.
Qozog‘istonda o‘tgan bir kun davomida koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha PZR-testi bilan tasdiqlangan 2587 ta yangi holat ro‘yxatga olingan.
Avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 9-may kuni Rossiya poytaxti Moskvada bo‘lib o‘tadigan G‘alaba paradida ishtirok etmaslikni rejalashtirayotgani ma'lum bo‘ldi.
Tojikiston rahbari Emomali Rahmonning esa Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 76 yilligiga bag‘ishlangan parad mehmoni sifatida Moskvaga tashrif buyurishi aytildi.
Paraddan oldin Emomali Rahmon 8-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar olib borishi kutilmoqda. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov davlat rahbarlari Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasidagi vaziyatni muhokama qilishini aytdi.