Vaksinalar uzoq muddatli himoyani kafolatlay oladimi?
Keng jamoatchilikda vaksina o‘zi nima ekani, u qanday ishlashi, ommaviy emlash jarayoni qay tartibda olib borilishi to‘g‘risida to‘laqonli axborot berish maqsadida SSV matbuot xizmati turkum suhbatlar uyushtirmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov javob berdi.
— Vaksinalar qanday ishlaydi?
— Vaksina — bu mikrobning (virus yoki bakteriyalarning) zaiflashgan, zararsiz bo‘lagi bo‘lib, tanangizning tabiiy immuniteti bilan birgalikda kasallik yuqishi xavfini kamaytiradi. Vaksina tanangizga yuborilgandan keyin immunitet tizimingiz tanaga kirgan mikrobni aniqlaydi va bu mikrobga qarshi kurashish uchun antitanachalar ishlab chiqarib, u bilan qanday kurashish kerakligini eslab qoladi.
Agar kelgusida ushbu mikrob ta'siriga yana duch kelsangiz, immunitet tizimingiz uni qanday yo‘q qilishini biladi, siz kasal bo‘lmaysiz.
Shunday qilib, vaksina tanada kasallikka qarshi immunitetni ishlab chiqishga ko‘mak beruvchi xavfsiz va samarali vosita sanaladi. Kasallik paydo bo‘lganidan keyin uni davolashdan ko‘ra, emlash orqali kasalliklarning oldini olish maqsadga muvofiq.
— Vaksinalar uzoq muddatli himoyani kafolatlay oladimi?
— Bu savolga javob berish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazilishi talab etiladi. Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, COVID-19 virusidan tuzalgan odamlarning aksariyatida immunitet shakllanadi. Uning davomiyligi qancha muddat saqlanib turishini vaqt ko‘rsatadi.
— COVID-19'ni yuqtirish oqibatida shakllangan immunitet kuchlimi yoki unga qarshi emlangandan keyin hosil bo‘lgan immunitetmi?
— Insonda infeksiya yuqishi natijasida hosil bo‘lgan “tabiiy immunitet”ning shakllanishi organizmning o‘ziga xos xususiyatlariga bog‘liq. Ushbu virus insoniyat uchun yangi bo‘lgani sababli, bu savolning aniq javobini hali bilmaymiz. Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, COVID -19’ni yuqtirib olish natijasida hosil bo‘lgan immunitet 90 kun davomida qayta kasallanishdan saqlaydi.
COVID-19 vaksinalarining real hayotda qanday ta'sir qilishi haqida ayni paytda barcha xalqaro ilmiy-tekshirish institutlari va nufuzli vaksina ishlab chiqaruvchi kompaniyalarda izlanishlar olib borilmoqda. Emlashdan keyingi immunitet davomiyligi haqida bir narsani aniq ayta olamiz, barcha tadqiqotchilar tomonidan ushbu vaksinalar qabul qilingandan keyin to‘liq bir yil davomida kasallikka qarshi immunitet hosil qilishi ta'kidlanmoqda.