Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashgan buyuk siymolarimiz ! Abdulhamid Cho'lpon
Cho’lpon 1897 yili Andijonda tug’ilgan. Eski maktabda savod chiqargan. Keyin rus-tuzem maktabida o’qigan. 1914 yili Toshkentga keladi va o’z faoliyatini “Sadoi Turkiston” gazetasi bilan bog’laydi. Uning asarlari Oren inburg, Ufa, Qozon va Bog’chasaroyda chiqadigan gazeta va jurnallarda ham bosilib turgan. 1916-1917 yillarda Orenburgda yashaydi va u yerda boshqird hukumati mahkamasida kotib bo’lib ishlaydi. So’ng Toshkentga qaytadi. 1920 yilgacha TurkRosTAda xizmat qiladi. 1920 yili Bokuda bo’lgan Sharq xalqlari qurultoyida qatnashadi. O’sha yili Fitrat taklifi bilan Buxoroga boradi va o’zbek tilida chiqadigan “Buxoro axbori” gazetasiga rahbarlik qiladi. Bir yilcha ishlab Toshkentga qaytadi. Adabiyot va madaniyat ishlari bilan shug’ullanadi. 1924-1926 yillarda Cho’lpon Moskvada yashaydi. U yerda ochilgan O’zbek dramstudiyasiga rahbarlik qiladi.
Shundan keyin jadidlarga qarshi boshlangan kompaniya Cho’lponni ham chetlab o’tmadi. Ta’qib va tazyiqlarga qaramay, u qizg’in ijodiy faoliyat bilan shug’ullandi. 30-yillarning boshida yana Moskvaga ketadi va SSSR Markaziy Ijroiya Komitetida tarjimon bo’lib ishlaydi. Cho’lpon 1937 yil 14 iyulda qamoqqa olinadi va 1938 yil 4 oktyabrda otib o’ldiriladi.
Cho’lponning “O’zbek yosh shoirlari” (1923), “Go’zal yozg’ichlar” (1925), “Adabiyot parchalari” (1926) majmualarida chop etilgan she’rlari, o’z she’rlari asosida nashr qilingan “Uyg’onish” (1922), “Buloqlar” (1923), “Tong sirlari” (1926), “Soz” (1935) kabi to’plamlari yangi o’zbek she’iyati taraqqiyotida muhim o’rin tutadi.
Uning “Kecha va kunduz” (1936) romani, “Do’xtur Muhammadyor” (1914), “Qor qo’ynida lola”, “Novvoy qiz”, “Oydin kechalarda” hikoyalari yangi davr o’zbek nasri rivojiga salmoqli hissa bo’lib qo’shildi.
Cho’lponning “Yorqinoy” (1920), “Xalil farang” (1921), “Cho’rining isyoni” (1926), “Yana uylanaman” (1926), “Mushtumzo’r” (1928), “O’rtoq Qarshiboev” (1928), “Hujum” (1928) kabi dramalari uning dramaturg sifatida ham samarali ijod qilganligini ko’rsatadi.
Milliy istiqlol va ozodlik g’oyalari Cho’lpon ijodining leytmotivini belgilaydi.
Cho’lpon Pushkinning “Dubrovskiy”, “Boris Godunov” asarlarini, Gorkiyning “Ona” romani va “Egor Bulichev” pe’sasini, Lohutiyning “Evropa safari”ni, Gotsiyning “Malikai Turandot”, Shekspirning “Hamlet” dramalarini o’zbek tiliga tarjima qilish orqali o’zbek va jahon adabiy aloqalari rivojiga munosib hissa qo’shdi.
Vafotidan so‘ng Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991) va «Mustaqillik» ordeni (1999) berilgan.