“Yoshlar o‘z joniga qasd qilayotgani, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik qo‘llanilishi haqida o‘qib, ichimiz og‘riyapti” — Senat raisi
Yoshlar o‘rtasida sodir bo‘layotgan huquqbuzarliklar, ularga nisbatan qo‘llaniladigan tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish dolzarbligicha qolmoqda. Bu haqda 5-avgust kuni parlament yuqori palatasi yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva to‘xtalib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Tanzila Norboyevaning aytishicha, muammoni yechishning asosiy yo‘li jazolash emas, profilaktikadir.
Mas’ul vazirlik va idoralar vakillari e’tiborini bir jihatga qaratmoqchiman. Mana hozir aytib o‘tildiki, yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar, o‘z joniga qasd qilish, yoshlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik qo‘llanilishi – bular ijtimoiy tarmoqlarda chiqyapti, ularni o‘qib, “ichimiz og‘riyapti”. Chunki yoshlar kelajagimiz. Bunday holatlar bo‘lmasligi uchun Ichki ishlar vazirligi Maktabgacha ta’lim, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklarining har biri bilan alohida chora-tadbirlarni ishlab chiqib, birgalikda doimiy ravishda ishlashi kerak.
Tendensiyalar nimadan iborat bo‘lyapti? Jinoyatchilikni qayd qilib, jinoyatga qo‘l urganlarga jazo chorasini qo‘llash asosiy ish emas, asosiy ishimiz – profilaktika. Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar sodir etilishiga nima sabab bo‘lyapti? Oldini olish choralarini vazirliklar bilan birgalikda ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash muassasalari hisobida turgan shaxslarning 93 foizi, giyohvandlarning 96 foizi majburiy davolanishga yuborilmagan bo‘lsa, spirtli ichimlikka ruju qo‘yganlarning atigi 4,1 foizi, dispanser hisobidagi tajovuzkor ruhiy kasallarning 52 foizi majburiy davolanishga yuborilgan, xolos. Qolganlari mahallada va boshqa joylarda bemalol yashab turibdi va mahallaga, jamiyatga o‘z zararini keltirib yuribdi. Bu juda jiddiy muammo. Avvalo, ularning hayoti, sog‘lig‘i uchun muhim. Ular ham inson – bizning vatandoshimiz. Ularni ham o‘ylashimiz kerak. Hayotda qiynalmasligi, o‘z yo‘lini topib olishi uchun choralar ko‘rilishi kerak. Boshqa jihatdan qaraganda, agar o‘z vaqtida choralar ko‘rilmasa, atrofidagilar, birinchi navbatda, oila a’zolari ziyon ko‘rishi mumkin.
Shu bois Qutbidin Nukritdinovichga (Senat qo‘mitasi raisi–tahr.) topshiriq bermoqchiman. Ichki ishlar vazirligi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda tibbiyot muassasalari hisobida turgan shaxslarni majburiy davolashga yuborish borasida yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha tahlil o‘tkazsangiz-da, aniqlangan muammolarning yechimi yuzasidan asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqib, masalani qo‘mita majlisida alohida ko‘rib chiqishingizni so‘raymiz. Vazirliklarni bitta joyga yig‘ib, masalani o‘rganing. Masalan, hozir Po‘lat Razzaqovich (Ichki ishlar vaziri–tahr.) narkologiya dispanseri to‘g‘risida aytdi. Majburiy davolash choralari ko‘rilayotganligi aytildi. Lekin yana nima qilish kerak? Erkinlikda yurib, bemalol mana shunaqa ishlarni qilaveradi. To‘g‘rimi? Nima qilsak bo‘ladi? Shuning uchun qo‘mitamiz muvofiqlashtiruvchi bo‘lsa-da, vazirliklar bilan birga tahlil o‘tkazib, takliflarni ishlab chiqib, bizga axborot bersangiz.
Avvalroq Senat raisi himoya orderi talablariga rioya etmagan, ayollarga zo‘ravonlik qilgan, tazyiq o‘tkazadigan shaxslarga nisbatan jarima miqdorini oshirish noto‘g‘ri ekanini ta’kidlagandi. Tanzila Norboyevaga ko‘ra, jarima ko‘tarilishi ayolning o‘ziga ham og‘ir yuk bo‘lishi va tazyiqlar yana davom etishi mumkin.