O‘zbekistonda inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi qonun bilan mustahkamlanadi, deb xabar bermoqda Senat matbuot xizmati

Xabarda aytilishicha, 20-sentabr kuni akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi, uning mazmun-mohiyatini mas’ullar ishtirokida muhokama qilishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, ilgari O‘zbekistonda buyrak va jigar transplantatsiyasi amaliyotlari o‘tkazilmasligi oqibatida ko‘pchilik bemorlar xorijiy mamlakatlarda katta mablag‘ evaziga davolanar edi. Hatto ayrimlari bevaqt vafot etardi.

 

So‘nggi yillarda mazkur sohada olib borilgan islohotlar mamlakatda buyrak, jigar va o‘zak hujayrasini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yishga imkoniyat yaratdi. Natijada bugungi kungacha respublikada 700 dan ortiq ana shunday operatsiya muvaffaqiyatli bajarildi.

“Respublikamizda 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan azob cheksa, ularning 500 nafari, ya’ni 10 foizi jigar transplantatsiyasi amaliyotiga muhtoj. Bugungi kunga qadar mamlakatimizda jami 10 ta jigar transplantatsiyasi amalga oshirildi.

Istiqbolda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini yiliga 250 taga yetkazish, jigar transplantatsiyasini esa yiliga 50 taga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, yurak transplantatsiyasini joriy etish va yiliga 50 ta amaliyot hamda o‘pka transplantatsiyasini yo‘lga qo‘yish va yiliga 30 ta amaliyotni bajarish nazarda tutilgan”, — deyiladi Senat xabarida.

Tadbirda so‘zga chiqqan senatorlar inson a’zolari va to‘qimalarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini xorijda katta mablag‘ va vaqt sarflamasdan O‘zbekistonda ham amalga oshirish mumkinligiga urg‘u bergan. Shuningdek, inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi borasida qonunchilikda belgilangan normalar bugungi kun talablariga mos emasligi, shu sababli, mazkur qonun loyihasida aniq tartiblar belgilab berilayotganligi ta’kidlangan.

Shuningdek, davra suhbatida shunday jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan fuqarolar bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, ushbu qonun loyihasi ishlab chiqilgani mamlakat aholisi salomatligini muhofaza qilish hamda ularga qulayliklar yaratilishida muhim hujjat bo‘lishini bildirgan.